Dubay haqida haqqoniy. Yaxshi, yomon va xunuk tarafi.
31-Mart, 2025

Dubayga ko’chib o’tganimga ham hash-pash deguncha bir yildan oshib ketibdi. O’zbekistondan so’ng yashash uchun ko’chib o’tgan birinchi davlatim bo’ldi. O’zim uchun ko’p narsalarni kashf etdim. Ushbu maqolada shahar haqidagi haqqoniy xulosamni siz yaxshilar bilan bo’lishishga harakat qilaman.
TL;DR - yohud gappi qisqasi
Dubay kimlardur uchun ruhsiz va sun’iy shahar, yana kimlardur uchun esa kelajak shahri.
Dubay tez shahar. Bu yerda hayot tez o’tadi.
Kichik shahar bo’lishiga qaramasdan odamlar bilan limmo lim. Hamma o’zi bilan o’zi ovora.
Dubay - tranzit zona. Bu yerda fuqarolikni olish deyarli imkonsiz. Shaharga kelgan insonlar albatta bir kuni uni tark etishga majbur. Siz uchun muqim qoladigan maskanga aylanishi avrimahol.
Dubay hammaning o’z holatiga qarab har xil. Kishining diniy, siyosiy, ijtimoiy qarashlari va shaxsiy qiziqishlariga qarab Dubay har xil ta’surot qoldiradi.
Gappi qisqasi shu. Batafsil bilishni istasangiz, o’qishda davom eting.
Habibi, come to Dubai - Dubayga kel jonginam
Ijtijmoiy tarmoqlarda o’sha mashhur “Habibi, come to Dubai” jumlasiga yo’liqqan bo’lsangiz kerak.
Amirlik o’zini dunyo miqyosida chiroyli reklama qila olgan davlat. Xo’sh, Dubay haqiqattan ham reklama qilingandekmi?
Birinchi navbatda, bu yerda xavfsizlik darajasi nihoyatda yuqori. Kechaning yarmida ham ko‘chada bemalol yurish mumkin. Shaharda jinoyat holatlari juda kam va odamlar o‘zlarini mutlaqo xavfsiz his qilishadi. Bir yil davomida biror marta ham o’g’rilik, jinoyat kabi holatlarga duch kelganimni eslay olmayman.
Dubayning yana bir jozibasi — bu, albatta, moliyaviy va biznes imkoniyatlar. Mamlakatning aynan biznes egalari, startaplar va professionallar uchun mo’ljallangan ekotizimi kishilarni o’ziga jalb qiladi. Aynan shu sababli butun dunyodan minglab odamlar o‘z bizneslarini yo’lga qo’yish uchun Dubayni tanlashadi.
Shaharni ko‘zga ko‘rinarli qiladigan yana bir jihati — tartib va tozalik. Dubayning ko‘chalari, bog‘lari, savdo markazlari doim toza va tartibli.
Dubay ayni paytda haqiqiy global madaniyat markazi hisoblanadi. Turli millat va madaniyat vakillari bilan doimo muloqotda bo‘lib, ko‘p tillar, urf-odatlar va milliy taomlar bilan tanishish imkoniyati bor. Bu yerda yashash orqali nafaqat yangi do‘stlar, balki hayotga yangicha qarash ham hosil bo‘ladi.
Dubay shahri shuningdek sog‘lom turmush tarzi va sportni faol targ‘ib qiladi. Ko‘plab sport klublari, yugurish va velosiped yo‘laklari, ochiq va yopiq fitnes markazlari mavjud. Ko’pgina turar-joy binolarida tekin fitness zallari ham mavjud.
Instagram ortidagi haqiqatlar
Dubayning yorqin va hashamatli hayoti ko‘pchilikning Instagram sahifalarida ko‘zga tashlanadi, ammo buning ortida ba’zi muhim haqiqatlar ham yashiringan.
Eng avvalo, yashash narxlari va ijaralar haqida gap ketganda, Dubay juda qimmat shahar hisoblanadi. Yashash uchun xarajatlari, ayniqsa, ijara narxlari yuqori va ko‘plab odamlar uchun moliyaviy jihatdan og‘irlik qilishi mumkin. Bir xonali kvartiraning narxi ham boshqa mamlakatlarga nisbatan sezilarli darajada yuqoriroq. O’rtacha narxlarni solishtirish uchun numbeo web sahifasini tekshirib ko’rishni maslahat beraman.
Dubaydagi yozgi ob-havo ham ko‘pchilik uchun chidab bo‘lmas darajada noqulay bo‘lishi mumkin. Iyul va avgust oylarida harorat 45°C dan oshib ketadi, havo namligi esa juda yuqori bo‘lib, ochiq havoda yurish deyarli imkonsiz bo‘lib qoladi. Bu esa kundalik hayotni, yoki oddiy sayr qilishni ham cheklab qo‘yadi.
Bundan tashqari, piyoda yo’lovchilar uchun unchalar qulay shahar emas. Transport tizimi g’arb davlatlariniki kabi yaxshi rivojlangan deb ayta olmayman. Taksida yuraman desangiz absurd darajada ko’p puk ishlatib qo’yishingiz mumkun. Dubay kattagina shahar bo‘lib, avtoulovsiz harakat qilish ancha noqulay. Jamoat transporti mavjud bo‘lsa-da, ko‘plab hududlarga yetib borish uchun shaxsiy avtomobil zarur.
Shuningdek, Dubayda firibgarlar ham juda ko‘p. Ayniqsa, yangi kelgan odamlarni turli moliyaviy va biznes sxemalari orqali aldash hollari tez-tez uchrab turadi.
Texnologik kompaniyalarda mikromenjment keng tarqalgani va odatiy hol ekani kishi ta’birini xira qiladi. Ayniqsa, ko‘pchilik kompaniyalardagi mutaxassislarning aksari Osiyo mamlakatlaridan, xususan Hindiston va Pokistondan bo‘lgani texnologik muhutni yanada qiyinlashtiradi.
Odamlar ko‘rishni istamaydigan haqiqatlar
Dubayning eng xunuk taraflaridan biri mehnat muhojirlarining holati. Shaharning jozibador tomonlari ortida og‘ir ish sharoitlarida ishlaydigan minglab qurilish va xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari mavjud. Ularning aksariyati past maoshlar evaziga juda og‘ir sharoitlarda yashashadi.
Dubayning qattiq qonun qoidalari, va senzurasi shaxsiy va ommaviy erkinliklarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Hukumat yoki siyosatni ochiqchasiga muhokama qilishni o’ylamay qo’yavering.
Shuningdek, shaharda sezilarli darajada tabaqalanish mavjud. Hashamatli turmush tarzida yashayotganlar bilan oddiy ishchilarning hayoti o‘rtasidagi farq juda katta va sezilarli.
Bu haqiqatlarni ko‘pchilik ko‘rishni yoki bilishni ham istamaydi.
Kimlarga tavsiya qilaman?
Uchinchi dunyo mamlakatlarida yashayotganlarga.
Biznes egalari yoki o’z biznesini qurmoqchi bo’lganlarga.
Xavfsizlik va tartibli hayotni qadrlaganlarga.
Diniy erkinligi ta’minlanmagan mamlakat fuqarolariga.
G’arbda yashayotgan va hukumatga absurd darajada ko’p soliq to’layotgan professionallarga.
Kimlar ko’chib o’tmagani ma’qul
Tejamkor va soddaroq turmush tarzini xush ko’ruvchilar.
Muqum o’rnashish uchun maskan izlayotganlar.
Yoshi 50’dan oshganlar.
Qo’limdan kelgancha, tarafkashlik qilmasdan, haqqoniy xulosamni yozishga harakat qildim,
Habibi ;)
Ha aytgancha, tandirdan uzulgan yangi maqolalarni o'tkazib yubormaslik uchun Telegram kanalimga obuna bo'lishni unutmang.