by bldr

Dunyodagi eng chidamli parazitlar haqida

11-Yanvar, 2025

472 views
Dunyodagi eng chidamli parazitlar haqida

Eng chidamli parazit

"Inception" filmini ko'rgan bo'lsangiz kerak. Ana shu filmda, qahramon Kobb dunyodagi eng chidamli parazit haqida shunday deydi:

What is the most resilient parasite? Bacteria? A virus? An intestinal worm? An idea. An Idea is like a virus, resilient... highly contagious. Once an idea has taken hold of the brain, it's almost impossible to eradicate. Smallest seed of an idea can grow. An idea that is fully formed - fully understood - that sticks; right in there somewhere. It can grow to define, or destroy you.

Bitta g'oya bir shaxs yoki butun insoniyatning hayot trayektoriyasini mutlaqo o'zgartirib yuborishi mumkin. Tarix bu haqiqatni so'zlaydi: Xorazmiyning algoritmi, Ibn Sinoning tib qonunlari, Edisonning lampasi, Nyutonning olmasi, internetning kashf etilishi, sun'iy intellekt va hokazolar - barchasi kimlarningdur ongida g'oya sifatida shakllangan.

Ammo g'oyalar har doim ham mehmonlarni xush qabul qilavermaydi. Kobbning virusga o'xshatishiga qiyosan, g'oyalar bizni yeb bitirishi, uyqusiz tunlarga, tinimsiz mulohazalarga va halovatni yo'qotishga sabab bo'lishi mumkin. G'oya miyaga qattiq o'rnashgandan so'ng, uni e'tiborsiz qoldirish alal oqibat afsus nadomatga sabab bo'ladi.

Xiyonat

Qabriston, eh qabriston! O'z bag'ringga qanchadan qancha turfa insonlarni sig'dira olasan-a?! Aslida dunyodagi eng boy maskan sen bo'lsang kerak. Senda qanchadan qancha yozilmagan kitoblar, hayolda qolib ketgan orzular, kashf etilmagan talantlar, amalga oshirilmagan g'oyalar yotibdi…

Biz o'z g'oyalarimizni amalga oshirmasligimizning ko'plab sabablari bor: muvaffaqiyatsizlikdan qo'rqish, perfektsionistlik, vaqt yetishmasligi yoki shunchaki "ideal vaqtni" kutish. Gap shundaki, biz kutgan ideal vaqt hech qachon kelmaydi. G'oyani amalga oshirish yo'lida tashlangan eng kichik qadamlar ham bir kun kelib imkonsiz bo'lib tuyulgan narsani reallikka aylantirish ehtimoli bor.

G'oya yo'lida harakat qilarkanmiz, biz unga nafas olish va yashash imkonini beramiz. Balki muvaffaqiyatga uchrar, balki yo'q, lekin natija ikkilamchi narsa. Har qanday holatda ham urinib ko'rish bizga shaxs sifatida rivojlanishga, xatolardan o'rganishga va potentsial afsus nadomatlardan qutulishga yordam beradi. Muvaffaqiyatsiz bo'lishning yagona yo'li — hech qachon urinib ko'rmaslik.

Buyuk g'oyalar hammada ham topilishi mumkun, lekin ularni amaliyotda bajarib hayotga taqdim qila olish g'ayratli, himmatli va sanoqli insonlar qo'lidan keladigan ish.

O'yingoh

Bizga yuklatilgan vazifani bajarishimiz va hayotdan ma'no mazmun topishimiz uchun barchamizga "o'yingoh" kerak.

Bolalar uchun o'yingoh - bolalar maydonchasi.

Kimyogar uchun o'yingoh - laboratoriya.

Jurnalist uchun o'yingoh - media.

Atrofdagilarning muammolarini texnologiya yordamida hal qilishni sevuvchilar uchun esa "startap" nomli o'yingoh kerak.

Ular g'oya yo'lida ezilsalar ham, 16 soatdan chiranib ishlasalar ham o'zlarini baxtiyorroq va xotirjamroq his qiladilar.

Baxtli insonlar ayni damda Maldivda emas, o'z o'yingohlarida ijod bilan mashg'ullar, nazarimda.

Sizning o'yingohingiz bormi? G'oyalar yo'lida yashayabsizmi?

Maqola foydali bo'lgan bo'lsa, qo'llab-quvvatlashingiz mumkin - Qo'llab-quvvatlash

Ha aytgancha, tandirdan uzulgan yangi maqolalarni o'tkazib yubormaslik uchun Telegram kanalimga obuna bo'lishni unutmang.