by mhnds

EPAM'da ikki yil

7-Iyun, 2023

654 views
EPAM'da ikki yil

Vaqt juda tez o’tarkan. Bir pastda ikki yil vaqt o’tib ketibdi. Bu vaqt ichida EPAM orqali Kanadaning katta kompaniyalari loyihalarida ishtirok etish nasib qildi. Har xil insonlar bilan to’qnashishimga to’g’ri keldi. Meksikalikdan tortib Hindgacha, turli xil millat va elat vakillari bilan birga ishladim. Har birining o’ziga yarasha dunyo qarashi, madaniyati, o’ziga xos fikrlashi bor (Hindlar bilan ishlash qiyin ekan baribir 😄). Shu vaqt mobaynida boshimdan o’tkazgan ba’zi tajribalarni, olgan darslarimni, qiziqarli voqealar bilan ulashishga qaror qildim.

Yaqinda chopilasan bola

Loyihaga qo’shilganimning birinchi kuni. Loyiha kodini birinchi martta ko’rganimda qo’rqib ketganman. Jamoaga endi qo’shilganimda “olib keta olmasam kerak” degan fikr hayolimni chulg’ab olgandi. O’sha kungacha hayotim davomida u qadar katta loyihani ko’rmagandim. Ustiga ustak, onboarding jarayoni yaxshi tashkillashtirilmagan ekan. Hovuzda suzib o’rgangan bolani okeanga otib yuborgandek bo’lgan. O’sha qiyin damlarda, Ukrainalik dasturchi Oleks erinmasdan yordam berardi.

Oleks EPAM’da 10 yildan beri ishlaydigan Middle dasturchi bo’lgan. Middle bo’lishiga qaramasdan Senior’larni savalab tashlaydigan darajada edi 😆

Ticket’lar juda qiyindek, vahimali tuyulardi. Barcha dasturchilar boshidan o’tadigan imposter sindromini men ham boshimdan o’tkazayotgan edim. Yaqinda chopishsa kerak deb o’ylab yurardim. Meeting’larga kirganda ham miq etmasdan o’tirardim. Jamoada o’ta iqtidorli, o’z ishining usta dasturchilari yig’ilgandi. Shular bilan birga o’sdim, tajriba orttirdim, ko’nikdim.

Katta loyihalarni bajarishda masofalar to’siq bo’la olmaydi.

COVID sabab bo’lib dunyoda ko’p narsa o’zgardi. Shu o’rinda masofadan turib loyihalarni bajarish ham misli ko’rilmagan darajada o’zgarib ketdi. Avvallari ofisga kelib ishlash majburiy bo’lgan bo’lsa, endi masofadan turib ham katta loyihalarni bajarish imkoniyati paydo bo’ldi. Buni imkoni borligiga mana ikkinchi martta amin bo’lib turibman.

Buzib qo’yishdan qo’rqmaslik kerak

MVP’ni (Loyihaning minimum prototipini) release qilish uchun qo’shimcha mablag’ evaziga dam olish kunlari ham ishlashga to’g’ri kelgan. O’shanda CI/CD pipeline’ni buzib qo’yganman. Toshkent vaqti bilan soat 23:00, men hali ham ofisda bugfiksing qilib o’tiribman. Senior dasturchilardan biri yo’l-yo’riq ko’rsatib yuborgan.

Kishilar xatolar evaziga rivojlanadi. Xato qilib qo’yishdan qo’rqmaslik kerak. Qilingan xatodan albatta dars ola bilish zarur. Avvalgi qilingan xatolarni boshqa takrorlamaslikka intilish kerak.

To’g’ri, samimiy tanqidlar kishini o’stiradi

Bu vaqt ichida bir necha marotaba Senior’lar bilan tortishishga to’g’ri keldi. Ular bir narsa desa, men boshqacha fikr bildirardim. Ular men yozgan kodni tanqid qilsa, vaqti kelganda men ularnikini tanqid qildim. Shunday konfliktga olib boradigan holatlarda, bir birimizni pozitsiyamizni tushunishga harakat qilish ancha turtki bo’ldi. Ikkala taraf ham o’z istaklarini “o’tkazishni” emas, balki loyihaga va jamoaga yaxshi natija olib kelishi mumkun bo’lgan yechimni o’ylashga harakat qildi. Bahs qilishimizga qaramasdan oramizdagi xurmat yaxshi saqlanib qolgan. Chegaradan chiqib ketmasdik.

Uzoq masofalar yaxshi do’stlar orttirishga monelik qila olmaydi

Shu loyihada Qozog’istonlik Rashid ismli yigit bilan tanishdim. 2 yil vaqt o’tdi. Bu vaqt ichida, Rashid boshqa kompaniyaga Senior dasturchi bo’lib o’tib ketdi, men esa EPAM’da Senior bo’ldim. Biz Rashid bilan qardosh bo’lib ketdik. Hali ham bir birimizdan hol-ahvol so’rab, video uchrashuvlar qilib turamiz, lekin hamon jonli ko’rishish nasib qilmadi. Men uni O’zbekistonga taklif qilaveraman, u ham meni Qozog’istonga taklif qilaveradi. Oxiri o’zim borib kelsam kerak 😄

Hozircha, qisqagina shular ;)

O’rganishda, rivojlanishda, kashf etishda davom etamiz 🧗🏻‍♂️